TAKRORIY EKILGAN KARTOSHKADA ETIFON PREPARATINI QO‘LLASH BO‘YICHA DALA SEMINARI O‘TKAZILDI
Bugun Taxiatosh tumani “Naymanko‘l” OFY hududida joylashgan “Alisher” fermer xo‘jaligining takroriy ekilgan kartoshka maydonida “Etifon” preparatini samarali qo‘llash mavzusida ko‘rgazmali dala seminari tashkil etildi.
Seminarda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston Respublikasi ilmiy-tajriba stansiyasi “Sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari seleksiyasi va urug‘chilik” laboratoriyasi mudiri J. Nizanov, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti “Meva-sabzavotchilik va polizchilik” kafedrasi assistent-o‘qituvchisi N. Ismoilova, shuningdek, Xo‘jayli va Taxiatosh tumanlari fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda qishloq xo‘jaligi mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan takroriy ekilgan kartoshka maydonlarida etifon preparatini qo‘llash me’yorlari, usullari, ta’sir mexanizmi va uning qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirishdagi ahamiyati yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, preparatni tayyorlash va qo‘llash tartibi amaliy tarzda namoyish etilib, fermer xo‘jaliklari rahbarlariga innovatsion texnologiyalardan foydalanish hamda preparatni belgilangan me’yorlarda qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar taqdim etildi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.
Bunday amaliy seminarlar ilmiy yutuqlarni ishlab chiqarishga joriy etish, fermerlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda qishloq xo‘jaligida zamonaviy agrotexnologiyalardan samarali foydalanishga xizmat qiladi.
