Beruniy tumanida zamonaviy agrotexnologiyalar asosida yuqori hosildorlik sari qadam
Beruniy tumanidagi “Yo‘ldosh Katli” fermer xo‘jaligi 2026 yil hosili uchun jami ekin maydonlarini aniq reja asosida shakllantirib, agrotexnik tadbirlarni boshlab yubordi. Xo‘jalik tomonidan 22 gektar maydonga g‘alla, 46 gektarga paxta, shuningdek 1 gektar yerga kartoshka hamda sabzavot-poliz ekinlari ekilgan.
Fermer xo‘jaligi davlatimiz rahbari tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanmoqda. Jumladan, 10 gektar g‘alla maydonida suv tejovchi texnologiyalar — yomg‘irlatib sug‘orish tizimi joriy etilib, bu borada ajratilgan subsidiyalardan foydalanilgan.
Natijadorlik ko‘rsatkichlari ham yildan-yilga oshib bormoqda. Xususan, o‘tgan yilda ushbu maydondan har gektaridan 70 sentnerdan bug‘doy hosili olingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 100 sentnerga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, fermer xo‘jaligi tomonidan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari 10 yil muddatga lizing asosida xarid qilinib, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Ilmiy yondashuvni keng joriy etish, tajribali va salohiyatli mutaxassislar bilan hamkorlik qilish esa yuqori hosildorlikka erishishda muhim omil bo‘lmoqda.
