Amudaryo tumanida zamonaviy agrotexnologiyalar asosida paxta ekish ishlari davom etmoqda
Amudaryo tumani “Arnabóyi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Ismailov Eldarbek” fermer xo‘jaligida paxta ekish ishlari yuqori saviyada va uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Mazkur fermer xo‘jaligi tomonidan joriy yilda 49 gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda ushbu ko‘rsatkich oshirilib, 50 gektar maydonda ekish ishlari amalga oshirilmoqda.
Fermer xo‘jaligi rahbarining ta’kidlashicha, ekish jarayonida zamonaviy agrotexnologiyalar keng joriy etilgan. Jumladan, paxta 66×10 sxemasida qo‘shqator usulida, ilg‘or texnikalar yordamida ekilmoqda. Ekish jarayonida foydalanilayotgan zamonaviy traktorlar avtopilot tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, bu esa ishlarning aniqligi va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, Turkiyadan keltirilgan zamonaviy seyalkalar urug‘ni aniq me’yor asosida, isrof qilmasdan ekish imkonini bermoqda. Bu esa o‘z navbatida fermer xo‘jaligida vaqt tejalishi, ishchi kuchi xarajatlarining kamayishi hamda umumiy samaradorlikning oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bunday ilg‘or yondashuvlar kelgusida hosildorlikni yanada oshirish va qishloq xo‘jaligida samarali natijalarga erishishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
