Sho‘r yuvmasdan chigit ekish bo‘yicha “Shinjon” texnologiyasining amaliy taqdimoti o‘tkazildi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2025-yil 16-dekabrdagi 02-PA 1-20546-son topshirig‘iga muvofiq, chigitni tuproq sho‘rini yuvmasdan ekish hamda paxta yetishtirishning zamonaviy agrotexnologiyalarini tajriba-sinov tariqasida joriy etish vazifalari belgilangan. Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Kegeyli tumani “Ishanqal’a” QFY hududida xitoylik tadbirkorlar tomonidan 2026-yil hosili uchun 53 gektar yer maydonida sho‘r yuvmasdan, “Shinjon” texnologiyasi asosida plyonka ostiga shlang yotqizish orqali chigit ekish ishlari amalga oshirildi. Shu munosabat bilan tajriba maydonlarida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish, sho‘r yuvilmagan maydonlarda chigit ekish texnologiyalarini amaliy jihatdan o‘rganish hamda ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirish maqsadida ko‘rgazmali-amaliy seminar tashkil etildi. Seminarda tuman hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, “Shinjon” texnologiyasi asosida chigit ekkan hamda ushbu texnologiyani joriy etish istagini bildirgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi. Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi agroxizmatlar markazi direktori B. Annakulov, Kegeyli tumani hokimi A. Kamalov, shuningdek, xitoylik mutaxassislar va fermerlar tomonidan sho‘r yuvmasdan chigit ekishning afzalliklari, suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash samaradorligi hamda mazkur tajribaning hudud iqlim sharoitidagi natijadorligi yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi. Seminar yakunida ilg‘or agrotexnologiyalarni hududlarda keng joriy etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va paxtachilikda hosildorlikni oshirish bo‘yicha tegishli tavsiya hamda takliflar bildirildi.