Ellikqal’a tumanida naslli chorvachilikni rivojlantirish ishlari davom etmoqda

Ellikqal’a tumani “Qoshqo‘ra” MFY hududida faoliyat yuritayotgan “Islom nasl chorva” MChJ naslchilik xo‘jaligida chorvachilik sohasini rivojlantirish, ayniqsa naslli qoramollarni ko‘paytirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Prezidentimizning PF-213-sonli “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida Ellikqal’a tumanida yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda.

Bugungi kunda xo‘jalikda 510 bosh yirik shoxli qoramol parvarish qilinmoqda. Shuningdek, 600 bosh qo‘y va echkilar ham boqilmoqda. Naslchilik ishlarini yo‘lga qo‘yish natijasida chorva mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi ortib bormoqda.

Xususan, xo‘jalikda yiliga 460 tonna sut ishlab chiqarish quvvati mavjud bo‘lib, bir bosh sigirdan o‘rtacha 4 ming litr sut sog‘ib olinmoqda.

Hududda naslli chorvachilikni rivojlantirishga qaratilayotgan bunday sa’y-harakatlar chorva sonini ko‘paytirish, mahsulot yetishtirish hajmini oshirish hamda aholining sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga xizmat qilmoqda.