RASMIY MUNOSABAT Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro M. Xolniyazov tomonidan bildirilgan murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz. Mazkur murojaat belgilangan tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan tuzilgan ishchi guruh hamda tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari ishtirokida atroflicha o‘rganib chiqilgan. O‘rganish yakunlariga ko‘ra, fuqaro M. Xolniyazov tomonidan o‘rmon xo‘jaligi yer maydonidan ijara asosida foydalanilayotgan 5,88 gektar yerning 1,0 gektar qismida mevali bog‘ barpo etilgani hamda qolgan maydonga mosh ekilgani aniqlandi. Shuningdek, ushbu yer maydonlari atrofida ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan rejasiz sholi ekilgani natijasida yer osti suvlari sathi ko‘tarilib, bog‘dagi ayrim mevali daraxtlar qurigani hamda mosh ekilgan maydonlarda zax suv ko‘tarilgani qayd etildi. Mazkur holat bo‘yicha murojaat egasiga amaldagi qonunchilik talablari asosida yetkazilgan moddiy zararni undirish masalasini sud tartibida hal etish mumkinligi, buning uchun tegishli sud organlariga da’vo arizasi bilan murojaat qilish hamda zarar miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar va boshqa dalillarni taqdim etish zarurligi yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilgan. Bundan tashqari, “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilib, rejasiz sholi ekib, suv resurslaridan ruxsatsiz foydalangan xo‘jalik subyektlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Suv kodeksining 164-moddasi talablari asosida tegishli choralar ko‘rilgan hamda materiallar mazmunan ko‘rib chiqish uchun sud organiga yuborilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi mazkur masala yuzasidan amaldagi qonunchilik talablari asosida tegishli vakolatli organlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilganini hamda murojaat egasining qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qilish huquqi mavjudligi haqida belgilangan tartibda tushuntirish berilganini ma’lum qiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Matbuot xizmati