Xo‘jaylida tuproqning agrokimyoviy tahliliga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi

Xo‘jayli tumanida tuproqni agrokimyoviy tahlildan o‘tkazishning ahamiyati, sifatli va xavfsiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rniga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Agrokimyoviy tahlil markazi mutaxassislari, dehqon va fermer xo‘jaliklari vakillari, bog‘bonlar hamda tomorqa yer egalari ishtirok etdi.

Seminar davomida tuproq tarkibi, oziqa moddalari bilan ta’minlanganlik darajasi va unumdorligini aniqlash, ekinlarni yerning agrokimyoviy holatidan kelib chiqib joylashtirish, shuningdek, mineral o‘g‘itlardan ilmiy asoslangan me’yorlarda foydalanish masalalari batafsil muhokama qilindi.

Mutaxassislar tuproqning agrokimyoviy tahlili ekinlarning oziqa moddalariga bo‘lgan ehtiyojini aniq belgilash, mineral o‘g‘itlarning me’yoridan ortiq qo‘llanishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda mahsulot tarkibida zararli moddalar to‘planishining oldini olishga xizmat qilishini ta’kidladi. Bu esa ekologik toza, sifatli va iste’mol uchun xavfsiz mahsulotlar yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarning savollariga atroflicha javob berilib, tuproq holatini yaxshilash, o‘g‘itlardan oqilona foydalanish va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
