Nukus tumanida PF-18-son Farmon ijrosi o‘rganildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Nukus tumanida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-fevraldagi PF-18-son Farmoni ijrosi yuzasidan o‘rganish ishlarini olib bordilar.

O‘rganishlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zolari, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi vakili Muqaddasxon Axmedova hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Nodira Rashidova ishtirok etdilar.

Tashrif davomida “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali yer uchastkalarini qo‘lga kiritib, dehqon xo‘jaligi va boshqa qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik subyektlarining ishlari bilan yaqindan tanishildi.

Dastlab, Nukus tumani Samanbay OFY hududida faoliyat yuritayotgan “O‘razbay Damegul” MCHJga tashrif buyurildi. Korxona tomonidan “E-auksion” elektron platformasi orqali 10 gektar yer maydoni qo‘lga kiritilgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu maydonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, mosh yetishtirilmoqda. Deputatlar mosh ekilgan maydonlarni ko‘zdan kechirib, ishlab chiqarish jarayoni va xo‘jalik faoliyati bilan tanishdilar.

Shundan so‘ng, Arbashi OFY hududidagi “Nauqanbog‘ Agro Eksport” MCHJ faoliyati o‘rganildi. Mazkur korxona rahbari tomonidan “E-auksion” platformasi orqali 23 gektar yer maydoni qo‘lga kiritilgan. Hozirgi kunda ushbu maydonlarda pomidor, qovun va mosh yetishtirilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, Baqanshaqli OFY hududida Rasul Seytnazarov tomonidan tashkil etilgan “Sren Agro Sanoat” MCHJ faoliyati bilan tanishildi. Tadbirkor elektron onlayn auksion savdolari orqali 45 gektar yer maydonini qo‘lga kiritgan bo‘lib, bugungi kunda chorvachilikni rivojlantirish maqsadida ozuqabop ekinlardan beda yetishtirmoqda.

O‘rganishlar davomida xo‘jalik rahbarlari bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning faoliyat jarayonida duch kelayotgan muammolari, mavjud to‘siqlar va takliflari tinglandi.

Mazkur o‘rganishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — Farmon ijrosini ta’minlash, elektron onlayn auksion orqali yer maydonlarini qo‘lga kiritgan tadbirkorlarning faoliyatini rivojlantirish, yer resurslaridan samarali foydalanish hamda qishloq xo‘jaligida tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalarini o‘rganishdan iborat.

Uchrashuvlar davomida bildirilgan taklif va muammolarni tegishli tartibda ko‘rib chiqish hamda ularning yechimi bo‘yicha zarur choralarni belgilash masalalariga e’tibor qaratildi.