Bog‘ qator oralaridan samarali foydalanish — oziq-ovqat yetishtirishni oshirish omili

Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish hamda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Joriy yilda hudud tumanlarida jami 2,5 ming gektar bog‘ qator oralariga bog‘-poliz ekinlarini ekish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda ushbu yo‘nalishda agrotexnik tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.

Mazkur tashabbus yer resurslaridan oqilona foydalanish, hosildorlikni oshirish va ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, bog‘ qator oralaridan samarali foydalanish orqali qo‘shimcha daromad manbalari yaratilmoqda hamda fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy barqarorligi mustahkamlanmoqda.

Jumladan, Amudaryo tumanida 30 gektar bog‘ qator oralariga kartoshka ekish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda ushbu rejalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Xususan, “Do‘stlik” QFY hududida joylashgan “Chaykul Do‘stlik” fermer xo‘jaligida 2 gektar maydonda bog‘ qator oralariga kartoshka ekinlari ekilib, parvarish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Fermerlar tomonidan agrotexnik talablar asosida sug‘orish, o‘g‘itlash va begona o‘tlarni yo‘qotish ishlari o‘z vaqtida bajarilayotgani kelgusida yuqori hosil olish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Umuman olganda, hududlarda amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar nafaqat yer samaradorligini oshirish, balki aholini sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga ham xizmat qiladi.