Paxta terish mashinalari mexanizatorlari uchun o‘quv seminari davom etmoqda

Qoraqalpog‘iston Qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan paxta terish mashinalari mexanizatorlarini tayyorlash va malakasini oshirishga qaratilgan 5 kunlik o‘quv seminari davom etmoqda.

Bugun, seminar mashg‘ulotlarining to‘rtinchi kunida, mexanizatorlarga paxta terish mavsumida mehnat va texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish, texnikalardan foydalanishda ehtiyot choralarini ko‘rish hamda yong‘in kelib chiqishining oldini olish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

Jumladan, texnikani ishga tushirishdan oldin elektr simlari, yoqilg‘i va moylash tizimlarini tekshirish, yonilg‘i sizib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik, mashinani muntazam tozalab turish, qizib ketuvchi qismlarni nazorat qilish hamda yong‘in xavfsizligi vositalaridan to‘g‘ri foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, mashg‘ulotlarda Turkiyada ishlab chiqarilgan “Cansa” rusumli paxta terish mashinalarining tuzilishi, texnik imkoniyatlari, boshqaruvi, ishga tayyorlash va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha nazariy hamda amaliy darslar o‘tkazildi.

Bunday amaliy mashg‘ulotlar mexanizatorlarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, texnikalardan xavfsiz va samarali foydalanish hamda paxta yig‘im-terimi mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.