Taxtako‘pir tumanida g‘o‘za parvarishiga bag‘ishlangan dala seminari o‘tkazildi Taxtako‘pir tumanida “Paxta yetishtirishda dolzarb 30 kunlik” doirasida g‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan dala seminari tashkil etildi. Seminarda “O‘zagroinspeksiya”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i E.Qayipbergenov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi boshlig‘i Dj.Xudaybergenov, Taxtako‘pir tumani hokimi J.Adilov, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida g‘o‘zaning vegetatsiya davrida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan agrotexnik tadbirlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Xususan, sug‘orish, kultivatsiya, oziqlantirish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish, shuningdek, o‘simliklarni biologik va kimyoviy himoya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan taqdim etilayotgan “Qishloq xo‘jaligida har bir fermer bajarishi shart bo‘lgan 8 qonuni”ning mazmun-mohiyati tushuntirildi. Shuningdek, dala sharoitida g‘o‘zani parvarishlash jarayonida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan kamchiliklar muhokama qilinib, ularning oldini olish choralari yuzasidan tavsiyalar bildirildi. Mutaxassislar agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirish hosildorlikni oshirish hamda sifatli paxta yetishtirishning muhim omili ekanini alohida ta’kidladilar.