Nukus tumanida organik pomidorni qayta ishlash va eksport qilish yo‘lga qo‘yilgan.

Nukus tumanida faoliyat yuritayotgan «BIOGUMUS» fermer xo‘jaligi tomonidan quyoshda quritilgan ekologik toza, organik pomidorni qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgan.

Korxonada pomidordan 10 turdagi mahsulot ishlab chiqarilib, tayyor mahsulotlar Xitoy, Fransiya, Isroil va Yaponiya kabi xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.

Joriy yilda ishlab chiqarish quvvatini oshirish maqsadida 15 milliard so‘m mablag‘ evaziga Xitoydan zamonaviy asbob-uskunalar keltirilib, hozirda ularni montaj qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Yangi uskunalar ishga tushgach, quyoshda quritilgan pomidorga yog‘ va ziravorlar qo‘shish orqali yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada korxonada kuniga 5 ming quti mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Ushbu loyihaning to‘liq quvvatda ishga tushirilishi natijasida korxona faoliyati yanada kengayib, ishlab chiqarish hajmi va eksport salohiyati oshadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.