To‘rtko‘l tumanida 2027-yil hosili uchun g‘alla ekish mavsumiga start berildi
To‘rtko‘l tumanida 2027-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish mavsumiga start berildi. Shu munosabat bilan To‘rtko‘l tumani “Ko‘na-To‘rtko‘l” OFY hududidagi “Xudaybergan Qutlimurot” fermer xo‘jaligida kuzgi g‘alla ekinlarini ekish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligi vaziri Kamiljan Aytbaev, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘zagroinspeksiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i E.Qaypbergenov, soha mutaxassislari, fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Seminar davomida kuzgi boshoqli don ekinlarini maqbul muddatlarda ekish, urug‘liklarni to‘g‘ri tanlash, yerga sifatli ishlov berish, ekish me’yorlariga rioya etish hamda ekinlarni agrotexnik talablar asosida parvarishlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Tumanda 2027-yil hosili uchun jami 5 ming gektar maydonga “Alekseyevich”, “Antonina”, “ASR” va boshqa serhosil g‘alla navlarini ekish rejalashtirilgan.
Seminarda g‘alla ekish mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil etish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish hamda yuqori hosildorlikka erishish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
