O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri I.Abdurahmonov rahbarligida Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti majlislar zalida shimoliy hududda faoliyat yuritayotgan klaster, fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari, soha mutasaddilari uchun seminar-trening o‘tkazildi.

 

Belgilangan asosiy vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot ko‘rgazmasi bilan boshlangan treningda yangi agrotexnologiya va yangi usullarni qo‘llash, dala chetlaridan unumli foydalanish, ariq va kollektorlarni betonlash, daraxt shoxlarini butlash orqali yuqori natijaga erishish masalalariga e’tibor qaratildi.

 

 

 

 

I.Abdurahmonov paxtachilikda «BT» g‘o‘za navlarini yetishtirish, kasallik va zararkunandalarga chidamlilikni boshqarish hamda mahalliy intensiv agrotexnologiyalarni joriy etish uchun fermerlarni uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlash zarurligini ta’kidladi.Shuningdek, joriy yil hosili uchun mahalliy va xorijiy g‘o‘za navlarini joylashtirishda e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan jihatlar hamda g‘allachilikda yarovizatsiya qilingan urug‘larning afzalliklari ilmiy faktlar asosida tushuntirildi.

 

Seminar-treningdan so‘ng, bu yerda fermer va klaster xo‘jaliklari vakillari uchun sayyor qabul tashkil etildi.Unda, fermer va dehqonlarning huquqlarini himoya qilish, ularning mehnat sharoitlarini yaxshilash, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda muammolarni hal etish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.

 

Sayyor qabul davomida har bir muammo individual tarzda ko‘rib chiqilib, aniq va tizimli yondashuvlar orqali ko‘plab masalalar hal etildi.

 

Vazir barcha savollarga javob berar ekan, davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan yangi qaror va farmonlar sohani yanada rivojlantirish, fermer va dehqonlar huquqlarini himoya qilish, mehnat sharoitlarini yaxshilash va samaradorlikni oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladi.