Shumanaydagi «Aql Serdar» bog‘ida yangi g‘oyalar va tajribalar

Shumanay tumani «Begjap» makon fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan «Aql Serdar» bog‘dorchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaligida bog‘ oralariga ekin va dala chetlariga mevali daraxtlar ekish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Mazkur seminar bog‘dorchilik sohasida yangi g‘oyalarni ilgari surish, tajribalar almashish va fermerlarning bilimini oshirishga qaratilgan edi.

Seminarda O‘zbekiston Fermerlar kengashi bo‘lim boshlig‘i M.Muhamadaliev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Fermerlar kengashi o‘rinbosari A.Ajimov, tuman Fermerlar kengashi raisi O.Nuriddinov, tumanlik O‘simliklar karantini mutaxassislari, tegishli tashkilotlar va bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Seminar davomida bog‘ qator oralariga ishlov berish, oziqlantirish, qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurashish bo‘yicha muhim ma’lumotlar berildi. Fermerlar bog‘larni samarali parvarish qilishning zamonaviy usullari bilan tanishtirildi, shuningdek, bog‘larni sug‘orish, tuproqni boyitish va hosilni oshirish bo‘yicha qimmatli maslahatlar olindi.

Ushbu seminar fermerlarning bilimini oshirishga, bog‘dorchilik sohasida yangi g‘oyalarni ilgari surishga va hosildorlikni oshirishga o‘z hissasini qo‘shadi, deb umid qilamiz.