Chorva fermer xo‘jaligida  identifikatsiya ishlari olib borilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-avgustdagi PQ-285-sonli «Chorvachilikda identifikatsiyalash tizimi va naslchilik sohasini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini samarali tashkil etish maqsadida Shumanay tumani «Qarabayli» makon fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan «Sultan bereketli» chorva fermer xo‘jaligida identifikatsiyalash olib borilmoqda.

Ushbu jarayonning muhim qismi sifatida xo‘jalikda boqilayotgan qoramollarni identifikatsiyalash bo‘yicha seminar o‘tkazildi.

Seminarda xo‘jalik xodimlari, mahalliy fermerlar va chorvachilik sohasiga oid mutaxassislar ishtirok etdi.

Identifikatsiyalash tizimi chorva mollarining kelib chiqishi, nasli, sog‘lig‘i va boshqa muhim ma’lumotlarni aniqlashga imkon beradi. Bu esa chorvachilikni boshqarish, naslchilik ishlarini yaxshilash, kasalliklarning oldini olish va hayvonlarni sotishni nazorat qilishda muhim rol o‘ynaydi.

Seminar ishtirokchilari identifikatsiyalash jarayonini amalda ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Tajribali mutaxassislar tomonidan chorva mollariga elektron chip o‘rnatish, identifikatsiya raqamini ro‘yxatga olish va ma’lumotlar bazasiga kiritish jarayoni ko‘rsatib berildi. «Sultan bereketli» chorva fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan mazkur seminar chorvachilik sohasini zamonaviylashtirish va rivojlantirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.