Qoraqalpog‘iston Respublikasida dehqonchilik qilinadigan, xususan, paxta yetishtiriladigan ko‘pchilik maydonlarga elektr tarmoqlari yetib bormagan. Biroq, bu to‘rtko‘llik mirishkorlarning suv tejovchi texnologiyalarini joriy etmasligiga sabab bo‘lmayapti. To‘rtko‘l tumanining «Yanboshqala» ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi «Jo‘rabek SA» nomidagi fermer xo‘jaligining paxta dalasida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda shular haqida so‘z yuritildi.
Seminarda, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i D.Kdirbaev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Urazimbetov so‘zga chiqib, tumandagi «Jo‘rabek SA» fermer xo‘jaligining suv tejovchi texnologiyani joriy etish borasidagi tashabbuslarini boshqalarga namuna sifatida ta’kidlab o‘tdi.


Shuningdek, tuman hokimining o‘rinbosari, «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasi va qurilish tashkilotlari mas’ullari bilan birgalikda tumanda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun, ushbu fermer xo‘jaligi 33 gektar maydonga Xitoy texnologiyasi asosida chigit ekib, 825 million so‘mlik o‘z mablag‘lari hisobidan tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etmoqda. Albatta, bu texnologiyaning ishlashi uchun nasos agregati zarur, u esa, elektr energiyasi bilan ishlaydi. Fermer xo‘jaligi a’zolari bu masalaga ham zamonaviy, muqobil usuldan foydalandi. Bu hududda elektr tarmoqlari bo‘lmagani uchun 200 million so‘m evaziga 50 kilovattlik quyosh panellari o‘rnatildi.
Seminarda ishtirokchilar suv tejovchi texnologiya va quyosh panellarini o‘rnatish ishlari bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tegishli mas’ullardan javoblar oldi.
