Beruniylik pillakorlar mehnati

Beruniylik pillakorlar bu yil ham «kumush tola» yetishtirishga kirishdi. Ular pilla yetishtirish sirlarini egallab, oila daromadini oshirish va mo‘l hosil olishga intilmoqda.

Tuman bo‘yicha 13 hududga 3212 quti ipak qurti tarqatilib, 5100 nafar ayolning mavsumiy bandligi ta’minlandi. Tumandagi «Tinchlik» qishloq fuqarolar yig‘inida esa 176 xonadonga 450 quti ipak qurti tarqatilib, ularni parvarishlash ishlari davom etmoqda.

Yil boshidan 6-bosqich «Ayollar daftari»ning 1-bosqichiga 261 nafar ayol ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularga ipak qurti berildi. Bundan tashqari, tut plantatsiyalaridan ajratilgan yerlarga tomorqa ekinlari ekilib, xonadonlarga qo‘shimcha daromad keltirilmoqda.

Pilla parvarishlashda yoshi ulug‘ ayollar yoshlarga ibrat bo‘lib kelmoqda. Ipak qurtlariga ozuqani o‘z vaqtida berish, xona haroratini kerakli darajada saqlab turish – bu pilla mavsumida katta ahamiyatga ega. Ipak qurti «kumush tola» o‘rab, hosil mavsumiga kirguncha pillakorlar tinimsiz mehnat qiladi.

Beruniy tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i S.Ko‘ziyeva pilla yetishtirayotgan oilalarga minnatdorchilik bildirdi. Ularning mehnati va «kumush tola» yetishtirishga qo‘shgan hissasi yuksak baholanmoqda.