Amudaryo tumanida g‘alla o‘rimiga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

Amudaryo tumanining Bog‘ mahallasida joylashgan yetakchi  xo‘jaliklardan biri — “Rahimboyev Azizbek” fermer xo‘jaligi bug‘doy dalasida g‘alla o‘rimiga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil etildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Agrar, suv xo‘jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi A.Jumanazarov, Sanoat, qurilish, transport va aloqa masalalari qo‘mitasi raisi I.Sdikov, Amudaryo tumani hokimi S.Xo‘jametov, hokim o‘rinbosarlari, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, nuroniy otaxonlar, fermerlar, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Seminar avvalida yurtimizda dehqonchilik azaldan nafaqat tirikchilik manbayi, balki muqaddas mehnat sohalaridan biri sifatida e’zozlanib kelayotgani alohida ta’kidlandi.

Tadbir ishtirokchilari oldida “Yusuf Eshon bobo” jome’ masjidi imom-xatibi A.Matsapayev Qur’on tilovati qilib, ushbu mavsumning tinch, barakali va betalofat o‘tishi uchun duo qildi. Yig‘ilganlar mo‘l-ko‘l hosil, omonlik va fayz tilab, duoga qo‘l ochdilar.

Seminarda Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, g‘alla mavsumi har bir fermer va dehqon uchun mas’uliyatli sinov davri ekanini, shu bilan birga, mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda katta ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Amudaryo tumanida 2025-yil hosili uchun 270 ta fermer xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan jami 4800 gektar maydonga g‘alla ekilgan. Ushbu maydonlardan 11 ming 130 tonna bug‘doy yetishtirish rejalashtirilgan.