Nukus tumanida press-tur: «Biogumus» fermer xo‘jaligining muvaffaqiyatli tajribasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Matbuot xizmati tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur tashkil etildi. Tadbirning maqsadi – Nukus tumanidagi ilg‘or fermer xo‘jaliklarining faoliyati bilan yaqindan tanishish. Press-tur ishtirokchilari dastlab Nukus tumanidagi «Biogumus» fermer xo‘jaligida bo‘lishdi. Mazkur xo‘jalik 2018-yildan buyon «Quyoshda quritilgan ekologik toza organik pomidor ishlab chiqarish va eksportni kengaytirish» loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda.
Loyiha doirasida 320 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. 2022-yilda esa ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida 5,7 milliard so‘mlik investitsiya jalb etilib, 300 tonna sig‘imli zamonaviy muzlatkichli omborxona va qadoqlash uskunalari o‘rnatildi.
«Biogumus» fermer xo‘jaligi tomonidan qayta ishlangan pomidor mahsulotlari ECOCERT ORGANIC STANDART va ISO 22000:2018 xalqaro sifat sertifikatlariga ega.
Bugungi kunda xo‘jalik tomonidan quritilgan organik pomidor mahsulotlari Italiya va Fransiya kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. Press-turda keyingi manzil – tumandagi sabzavot, poliz va qovun-tarvuz yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari.