Beruniyda yosh ayol fermerning muvaffaqiyatli faoliyati – Gulnoza Djumaniyazova Beruniy tumani Maqtimquli ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan «SURXON INTEGRAL» fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Gulnoza Djumaniyazova, yosh bo‘lishiga qaramay, otasining 114 gektar maydonga ega fermer xo‘jaligini muvaffaqiyatli boshqarib kelmoqda. Gulnoza, ayol kishi sifatida qishloq xo‘jaligida o‘z o‘rnini topganligi bilan faxrlanadi. Gulnoza Djumaniyazovaning ta’kidlashicha, xo‘jalikning 45 gektar maydonida shartnoma asosida paxta yetishtiriladi. Qolgan yer maydonlarining 10 gektariga beda, 3,5 gektariga pomidor, 3,5 gektariga bodring, 27 gektar maydoniga qovun-tarvuz va qovoq ekilib, mahsulotlar mahalliy va qo‘shni viloyatlarga sotiladi. Bu orqali nafaqat daromad topiladi, balki aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ham hissa qo‘shiladi. «Nima uchun ayol bo‘la turib, dehqonchilik sohasini tanladingiz, bu qiyinchilik tug‘dirmaydimi?» degan savolga Gulnoza shunday javob berdi: «Yo‘q, bu menga ota kasbim. Qolaversa, oila a’zolarimning qo‘llab-quvvatlashi va davlatimizning fermerlar hamda tadbirkorlarga berayotgan imtiyozlari, yaratilayotgan imkoniyatlar menga kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Shu fursatdan foydalanib, muhtaram Prezidentimizga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman». Gulnoza Djumaniyazovaning muvaffaqiyatli faoliyati qishloq xo‘jaligida ayollarning o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganining yaqqol dalilidir. U o‘zining mehnatsevarligi va fidoyiligi bilan boshqalarga namuna bo‘la oladi.