Deputatlar Qoraqalpog‘istonda Prezident qarorlari ijrosini o‘rganmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2025-yil 16-iyunda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qonunosti hujjatlarining bajarilishi holati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida hududda nazorat-tahlil tartibida o‘rganishlar olib bormoqda.

Bugun, 7-avgust kuni deputatlar Z. Zoxidov va R. Siddiqovlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir tumanida bo‘lib, Prezidentning chorvachilikni rivojlantirish va suv resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan quyidagi qarorlari ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida tumanda bo‘ldi.

*   2019-yil 7-noyabrdagi PQ–4512-sonli «Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi; *   2020-yil 3-iyuldagi PQ–4776-sonli «Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi; *   2020-yil 5-dekabrdagi PQ–4912-sonli «Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorlari.

Deputatlar Taxtako‘pir tumanida Qoraoy OFY hududidagi «Kausar tegirmon» MCHJning chorvachilik kompleksida bo‘lib, umumiy qiymati 32 milliard so‘mlik chorvachilikni rivojlantirish va sutni qayta ishlashga doir yirik loyihalar bilan tanishdilar. Hozirda korxona chorvachilik majmuasida 120 bosh naslli qoramol parvarish qilinmoqda. Shu bilan birga, sutni qayta ishlash loyihasi ham ishga tushirilgan bo‘lib, 7 nafar fuqaroning doimiy ish bilan bandligi ta’minlandi. Shuningdek, Taxtako‘pir tumani «Qorako‘lchilik ilmiy naslchilik tajriba stansiyasi» faoliyati ham o‘rganildi.

Ertaga, 8-avgust kuni deputatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida o‘rganish tadbirlarini davom ettiradilar.

Ushbu o‘rganishlarning asosiy maqsadi – Prezident qarorlari ijrosini ta’minlash, hududlarda chorvachilikni rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni monitoring qilish hamda mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishdan iborat.