XO‘JAYLIDA QISHLOQ XO‘JALIGI SOHASIDAGI DOLZARB VAZIFALAR MUHOKAMA QILINDI

Xo‘jayli tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligi vaziri Sh.Teshaev rahbarligida fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining qishloq xo‘jaligiga oid qaror va farmonlari, normativ-huquqiy hujjatlarining mazmun-mohiyati, shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Majlisda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan dolzarb vazifalar muhokama qilinib, jumladan: kelgusi yilgi bug‘doy ekiniga tayyorgarlik, yerlarni sho‘r yuvish va sug‘orish ishlari, suv ta’minoti murakkab bo‘lgan hududlarda suvni adolatli taqsimlash masalalari ko‘rib chiqildi. Sh.Teshaev mas’ullarga ariq oxiridagi fermer xo‘jaliklarining dalalariga suvni birinchi navbatda yetkazish choralarini ko‘rishni topshirdi.

Shuningdek, yaqinlashib kelayotgan paxta terimi mavsumiga tayyorgarlik doirasida qabul punktlarini shay holatga keltirish, mavjud texnikalarni sozlash va dala ishlari samaradorligini oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv davomida fermer xo‘jaliklari rahbarlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.