Qong’irot fermerlari uchun yangi imkoniyatlar va vazifalar
Qong‘irot tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Teshaev rahbarligida fermerlar va qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlari ishtirokida majlis o‘tkazildi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qishloq xo‘jaligiga oid qarorlari, farmonlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarining mazmun-mohiyati, tadbirkorlik subyektlariga berilayotgan imtiyozlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, sohada amalga oshirilayotgan dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda kelgusi yilgi bug‘doy ekishiga tayyorgarlik ko‘rish, yerlarni sho‘r yuvish va sug‘orish masalalari ko‘rib chiqildi. Sh.Teshaev suv yetib borishi qiyin bo‘lgan oxiridagi fermer xo‘jaliklari yerlarini birinchi navbatda sug‘orish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi.
Bundan tashqari, yaqinlashib kelayotgan paxta terimi mavsumiga qabul punktlarini tayyorlash va texnikalarni sozlash chora-tadbirlari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida fermerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.