Amudaryo tumanida bog‘dorchilik va uzumchilik rivojlanmoqda

Amudaryo tumani Choyko‘l ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Mang‘it Omad Savdo” MCHJ 2019-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda jami 12 gektar yer maydoniga ega. Shundan 8 gektarida uzumzorlar barpo qilingan.

Xo‘jalikning 7 gektar maydonida uzumning “Taypi” navi ekilgan bo‘lib, yetishtirilayotgan hosil Qozog‘iston va Rossiya davlatlariga eksport qilinmoqda. Shuningdek, 1 gektar maydonga uzumning “Avatar” navi ekilib, kelgusi yildan boshlab hosilga kirishi kutilmoqda.

MCHJ rahbari Azimjan Jumamuratovning ta’kidlashicha:
— O‘tgan yili 100 tonna uzum eksport qilgan edik. Bu yil ham mazkur an’anani davom ettiramiz, — deydi u.

Bugungi kunda Amudaryo tumanida bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishida 61 ta qishloq xo‘jaligi korxonasi faoliyat yuritmoqda.
Ularning umumiy maydoni 1046 gektarni tashkil etib, shundan 641 gektari hosilli bog‘lar, 405 gektari esa yangi barpo etilgan bog‘lar hisoblanadi.
Joriy yil bahor mavsumida fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan tumanda 76 gektar maydonda intensiv bog‘lar tashkil qilindi.

So‘nggi yillarda tumanda bog‘dorchilikka qiziqish ortib, ushbu sohada faoliyat yurituvchilar soni tobora ko‘payib bormoqda.