Qishloq xo‘jaligida shaffoflik va samaradorlik sari qadam

 

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ishchi tashrif buyurib, bir qator klaster va fermer xo‘jaliklari faoliyati, shuningdek, paxta yig‘im-terimi jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Vazirga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov hamrohlik qildi.

Tashrif davomida vazir yoshlar salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, agrotexnik tadbirlarni tizimli tashkil etish hamda paxta qabul qilish maskanlarida shaffoflikni ta’minlash masalalariga alohida urg‘u qaratdi. Xo‘jayli tumanidagi Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazida yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, u yoshlarning innovatsion g‘oyalari va amaliy bilimlarini qishloq xo‘jaligi rivojiga yo‘naltirish muhimligini ta’kidladi.

“Fayz agro klaster”, “Ekoteks klaster” va boshqa paxta qabul maskanlarida olib borilgan o‘rganishlarda tarozixona va laboratoriyalar faoliyatini takomillashtirish, elektron platformalarda ma’lumotlarni aniq aks ettirish hamda uch smenali ish tartibini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Taxiatosh, Amudaryo va Beruniy tumanlaridagi dalalarda paxta navlari zamonaviy agrotexnologiyalar asosida parvarishlanayotgani, hosildorlik avvalgi yillarga nisbatan yuqori bo‘lishi kutilayotgani ta’kidlandi. Terim jarayonlarida maxsus mashinalardan foydalanish, begona o‘tlarning yo‘qligi va defoliatsiya ishlarining sifatli bajarilgani yuqori baholandi.

Vazir yig‘im-terim mavsumida hosilni nest-nobud qilmasdan yig‘ib olish, qabul qilishda ishonch va mas’uliyat tamoyillariga qat’iy amal qilish zarurligini qayd etdi. Shu bilan birga, paxtachilikda innovatsion yondashuvlarni kengaytirish, ekinlar orasiga qo‘shimcha zira ekib, hosildorlikni yanada oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Beruniy klasterida esa shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan yangi mexanizmlar – “AgroTarozi”, “Agroplatforma” kabi tizimlar joriy etilgani e’tirof etildi. Bundan tashqari, eng ko‘p paxta topshirgan fermerlarni rag‘batlantirish maqsadida qimmatbaho sovg‘alar taqdim etilishi belgilandi.

Shu tariqa, Qoraqalpog‘istonga amalga oshirilgan tashrif natijalari mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tizimida olib borilayotgan islohotlarning izchil davom etayotganini va yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatdi.