Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportga tayyorlash, ularni xalqaro fitosanitar talablar asosida nazoratdan o‘tkazish va eksportchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida press-tur tashkil etildi.

Tadbirda jurnalistlar, blogerlar hamda soha vakillari ishtirok etib, Nukus shahridagi tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida karantin ostidagi mahsulotlarning fitosanitar ko‘rigi, laboratoriya tekshiruvi va sertifikatlash jarayonlarini amaliy ravishda kuzatdilar. Shuningdek, “E-Fito” elektron tizimi orqali xizmat ko‘rsatish jarayoni bilan ham tanishdilar.

Shundan so‘ng ishtirokchilar “Nukus shahar savdo kompleksi” hamda “Xo‘jayli agrologistika markazi”da bo‘lib, eksportga mo‘ljallangan mahsulotlarni saqlash va monitoring jarayonlarini ko‘zdan kechirdilar.

Joriy yil boshidan agentlik tomonidan 1 691 ta xalqaro va 5 563 ta ichki fitosanitariya sertifikati rasmiylashtirilgan. O‘simliklar karantini nazorati ostidagi mahsulotlar eksporti 44,4 ming tonna, importi esa 65,6 ming tonnadan ortiqni tashkil etdi. Asosiy eksport yo‘nalishlarini Rossiya, Afg‘oniston, Italiya, Turkiya, Xitoy va Koreya Respublikasi tashkil etadi. Eksport tarkibining asosiy qismini qizilmiya, un, dukkakli o‘simliklar va meva-sabzavotlar tashkil etadi.

Agentlik tizimida “E-Fito” va “Agroko‘makchi” platformalari orqali raqamlashtirish va shaffoflikni ta’minlash orqali fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash ishlari izchil davom ettirilmoqda.