Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi
Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Matbuot xizmati hamda Ellikqal’a tumani hokimligi Matbuot xizmati hamkorligida Ellikqal’a tumanidagi “Bo‘ston” klasteri va “Amirobod jayroni” innovatsion paxta-g‘alla klasterlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Tadbir davomida jurnalistlar eng avvalo “Bo‘ston” klasteri MCHJning paxta tozalash zavodi va ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdilar.
Ayni paytda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida yil davomida qilinayotgan mehnatlarning mevasini ko‘rish mumkin bo‘lgan eng mas’uliyatli davr — hosil yig‘im-terimi mavsumi kechmoqda. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan media-tur davomida OAV vakillari tumanning iqtisodiy yuragi sanalgan “Bo‘ston” klasteri MCHJ faoliyatini har tomonlama o‘rgandilar.
G‘o‘zapoyadan tayyor kiyimgacha “Bo‘ston” klasteri paxtani yetishtirishdan tortib, uni tozalash, ip, mato va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjiriga ega. Jurnalistlar klasterning tola tayyorlash sexlari hamda zamonaviy tikuv mashinalari bilan jihozlangan tikuvchilik fabrikasida bo‘lib, aholiga mo‘ljallangan turli xildagi sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilayotgan jarayonni kuzatdilar.
Mahalliy xom ashyodan raqobatbardosh, eksportbop tayyor mahsulot ishlab chiqarilayotgani OAV vakillarida katta taassurot qoldirdi.
Innovatsion yondashuv – yuqori hosil garovi Press-turning navbatdagi manzili “Amirobod jayroni” innovatsion paxta-g‘alla urug‘chilik klasteri bo‘ldi. Jurnalistlar bu yerda urug‘chilik yo‘nalishidagi ilmiy yondashuv, sifat nazorati tizimi va zamonaviy agrotexnologiyalar qo‘llanilishini o‘rganishdi. Klasterda paxta va g‘allachilikda erishilgan yuqori natijalar, innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar OAV vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Bunday press-turlar hududda yetishtirilayotgan mahsulotlar sifati, qishloq xo‘jaligidagi ilg‘or tajribalar va innovatsion yondashuvlarni keng yoritish, shuningdek, fermerlar muvaffaqiyatlarini ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.