Beruniy tumanida mevali bog‘ va tokzorlarni rivojlantirish bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumani Shabboz ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Ozod intensiv bog‘” fermer xo‘jaligida mevali bog‘-tokzorlarni kengaytirish, mavjudlari bo‘yicha ma’lumotlarni elektron platformaga kiritish hamda kuzgi agrotexnik tadbirlarni sifatli tashkil etish yuzasidan ko‘rgazmali amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi, shuningdek, agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati bo‘limlaridan mas’ul mutaxassislar ishtirok etib, bog‘dorchilikda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amaliy tushunchalar berildi.

Seminar davomida uzum ko‘chatlarini kuzgi sovuqlardan himoyalashning zamonaviy, tejamkor va samarali usullari bo‘yicha tajribaviy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, fermerlar va mutaxassislarga amaliy ko‘rsatmalar berildi.
Tadbir mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari uchun tajriba almashish, ilmiy asoslangan usullarni amaliyotga tadbiq etish va hosildorlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
