Zamonaviy paxta terish texnikalari bo‘yicha seminar o‘tkazildi
2026-yil 19-yanvar kuni Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti majlislar zalida zamonaviy paxta terish texnikalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. 
Mazkur seminarQoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Agrar, suv xo‘jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi Anvar Jumanazarov boshchiligida tashkil etildi. Tadbir Farg‘ona viloyatida Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikda zamonaviy paxta terish mashinalarini ishlab chiqarayotgan “Fergana Swan Cotton Industrial Machinery Stock Co” MCHJ korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan “SWAN 4MZ-4” rusumli paxta terish mashinalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida o‘tkazildi.

Seminar davomida mazkur texnikaning texnik imkoniyatlari, samaradorligi, paxta terish jarayonida mehnat unumdorligini oshirishdagi ahamiyati hamda amaliy qo‘llash tajribalari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o’rinbosari A. Xalimbetov, Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, “O‘zagrolizing” AJ Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti hamda “Fergana Swan Cotton Industrial Machinery Stock Co” MCHJ korxonasi vakillari, shuningdek, tuman hokimliklarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, agroinspeksiya mutaxassislari, klasterlar, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Seminar yakunida zamonaviy texnikalarni qishloq xo‘jaligiga keng joriy etish, fermer va klasterlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
