Amudaryo tumani hokimligi majlislar zalida zamonaviy paxta terish texnikalarini qishloq xo‘jaligiga joriy etish masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.

Mazkur tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Agrar, suv xo‘jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi Anvar Jumanazarov boshchiligida o‘tkazildi. Seminar Farg‘ona viloyatida Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikda zamonaviy paxta terish mashinalarini ishlab chiqarayotgan “Fergana Swan Cotton Industrial Machinery Stock Co” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan “SWAN 4MZ-4” rusumli paxta terish mashinalarining texnik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi.

Tadbir davomida mazkur texnikaning asosiy texnik ko‘rsatkichlari, samaradorligi, paxta terish jarayonida mehnat unumdorligini oshirishdagi o‘rni hamda amaliy qo‘llash tajribalari yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan bildirilgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha va asosli javoblar berildi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari A. Xalimbetov, Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, “O‘zagrolizing” AJ Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti hamda “Fergana Swan Cotton Industrial Machinery Stock Co” MCHJ vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, tuman hokimliklarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, agroinspeksiya mutaxassislari, klasterlar, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlari ham tadbirda qatnashdi.

Seminar yakunida zamonaviy paxta terish texnikalarini qishloq xo‘jaligida keng joriy etish, fermer xo‘jaliklari va klasterlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.