RASMIY MUNOSABAT

Bugun Hoja.uz Telegram kanalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo’jaligi vazirligi axborot xizmati faoliyatiga oid bildirgan «Sulaymon o‘lib, devlar qutuldi» («Kelinlar qo‘zg‘oloni» o‘zbek filmidan) fikr-mulohazalar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Avvalo, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo’jaligi vazirligi Axborot xizmati ommaviy axborot vositalari va blogerlar bilan ochiq, qonuniy va o‘zaro hurmatga asoslangan hamkorlikni doimo ustuvor yo‘nalish deb biladi.

Ma’lumki, Vazirlar Kengashi Axborot xizmati tomonidan 2026-yil 6-yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining rasmiy veb-saytida barcha axborot xizmatlarining 2026-yil I-chorak media-rejalari e’lon qilingan bo‘lib, ular 2019-yil 27-iyundagi PQ–4366-sonli qaror talablariga to‘liq muvofiqdir.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Matbuot xizmati tomonidan 2025-yil davomida har oyda kamida bir marotaba qishloq xo‘jaligi sohasiga oid press-turlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlarning bir nechtasiga Hoja.uz Telegram kanali administratori shaxsan telefon orqali xabardor qilindi, shuningdek, rasmiy Telegram kanali orqali e’lon berilganidan so‘ng ham takliflar bir necha bor individual tarzda yetkazildi. Biroq, mazkur takliflarga qaramasdan, Hoja.uz Telegram kanali administratori turli sabablarni keltirib, press-turlarda ishtirok etmadi. Shu sababli, navbatdagi tadbirda ushbu kanal vakili alohida taklif etilmadi. Bu holat tanlab chaqirish yoki “yashirin tadbir” o‘tkazish sifatida baholanishi asossizdir.

Shuningdek, press-turlar va boshqa media tadbirlarda ishtirok etishni istagan barcha bloger va jurnalistlar uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining rasmiy veb-saytida joylashtirilgan media-rejalar ochiq va hammaga birdek taalluqlidir.

Xulosa o‘rnida shuni bildiramizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Matbuot xizmati barcha blogerlar va ommaviy axborot vositalari bilan ochiq, shaffof va qonun doirasida hamkorlik qilishga doimo tayyor. Axborot xizmatining faoliyati qonun hujjatlariga muvofiq olib borilmoqda va bu yo‘nalishda bildirilgan har bir asosli takliflar doimo e’tiborga olinadi.