Press-tur tashkil etildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamkorligida urug‘chilik tizimini yanada takomillashtirish, yuqori sifatli urug‘lik chigit tayyorlash jarayonlari bilan jamoatchilikni yaqindan tanishtirish, shuningdek, sohada olib borilayotgan islohotlar va amaliy ishlar haqida keng jamoatchilikka ma’lumot yetkazish maqsadida Xo‘jayli tumanida joylashgan “Fayz agro klaster” MChJga qarashli paxta tozalash zavodiga press-tur tashkil etildi.

Mazkur press-turda ommaviy axborot vositalari vakillari, soha mutaxassislari hamda tegishli tashkilotlar mas’ullari ishtirok etib, urug‘chilik chigitini qayta ishlashning zamonaviy texnologik jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Tadbir davomida ishtirokchilarga urug‘lik chigitni dastlabki qabul qilish, mexanik va biologik iflosliklardan tozalash, saralash, tuksizlantirish hamda ekishga tayyor holatga keltirishning barcha bosqichlari batafsil tushuntirildi.

Shuningdek, press-tur jarayonida urug‘lik chigit sifatini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etuvchi fitosanitariya nazorati masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi mutaxassislari tomonidan urug‘lik mahsulotlarni zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘t urug‘laridan xoli holda tayyorlash, laboratoriya tekshiruvlarini o‘tkazish, amaldagi milliy va xalqaro fitosanitariya talablariga rioya etish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi. Bu esa kelgusida yuqori hosildorlikka erishish, kasalliklarning oldini olish va ekin maydonlarining fitosanitar holatini barqaror saqlashda muhim omil ekani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, tayyor urug‘lik chigitni saqlash, tashish va undan samarali foydalanish tartiblari, urug‘chilikda sifat ko‘rsatkichlarini oshirish orqali fermer xo‘jaliklari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlangan, sifatli va sertifikatlangan urug‘lik chigit qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida yuqori iqtisodiy samaradorlikni ta’minlashi qayd etildi.

Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 2026-yil hosili uchun 6243 tonna urug‘lik paxta yig‘ilgan bo‘lib, shundan olinadigan urug‘lik chigit miqdori 3309 tonnani tashkil etadi.  Ayni vaqtda tozalash, tuksizlantirish va dorilash ishlari olib borilmoqda.

Bugungi kunda barcha paxta-to‘qimachilik klaster korxonalari va boshqa sub’ektlar tomonidan mahalliy g‘o‘za navidan yig‘ilgan urug‘lar faqat zamonaviy saralash, dorilash va qadoqlash uskunalari (lazerli fotoseparator) bilan jihozlangan urug‘ tayyorlash korxonalarida qayta ishlanmoqda.

2026-yil hosilidan urug‘lik paxta yetishtirish maqsadida respublikamiz fermer xo‘jaliklari o‘rtasida «E-urug» tizimida tender tanlovi o‘tkazilib, 9600 gektar maydonga urug‘lik paxta ekish ko‘zda tutilmoqda. Press-tur doirasida ishtirokchilar Taxiatosh tumani “Naymanko‘l” OFY hududida amalga oshirilayotgan ekologik jihatdan samarali va zamonaviy agrotexnik tadbirlar bilan yaqindan tanishdilar. Jumladan, shox-shabbalar, o‘simliklarning barglari, tanasi hamda turli qishloq xo‘jaligi chiqindilarini yoqmasdan, maxsus o‘ralarda yig‘ish va qayta ishlash orqali tabiiy o‘g‘itlar tayyorlash jarayonlari amalda namoyish etildi.

Mazkur usul atrof-muhitga zarar yetkazmasdan, tuproq unumdorligini oshirish, organik moddalarga boy o‘g‘itlar olish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Shuningdek, ushbu texnologiya orqali havoga zararli moddalar chiqarilishining oldi olinishi, qishloq xo‘jaligida “yashil texnologiyalar”ni keng joriy etish imkoniyatlari haqida ishtirokchilarga batafsil tushuntirishlar berildi.

Tadbir yakunida press-tur ishtirokchilari tomonidan berilgan savollarga soha mutasaddilari tomonidan atroflicha javoblar berildi.