«Issiqxonalarda mahsulot yetishtirish istiqbollari» mavzusida press-tur o‘tkazildi 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Agrosanoatni rivojlantirish agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tashabbusi bilan jurnalistlar, blogerlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida «Issiqxonalarda mahsulot yetishtirish istiqbollari» mavzusida press-tur tashkil etildi.
Press-tur doirasida ishtirokchilar dastlab Beruniy tumanida joylashgan «KASHFIYOTCHI YOSHLAR» xususiy korxonasi issiqxonasiga tashrif buyurdilar
2017-yilda Janubiy Koreya texnologiyasi asosida barpo etilgan ushbu 2 gektarli issiqxonada pomidor va bodring yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Ishtirokchilar issiqxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulot sifati, parvarishlash usullari hamda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, «O‘simliklar karantini to‘g‘risida»gi Qonun talablariga muvofiq, issiqxonalarda yetishtirilayotgan pomidor va sitrus ekinlarining fitosanitar xavfsizligini ta’minlash, zararli organizmlar tarqalishining oldini olish hamda ularga qarshi ommaviy kurash ishlarini samarali tashkil etish maqsadida Agentlik tizimida 2026-yil 15-yanvardan 16-fevralga qadar «Dolzarb 30 kunlik» e’lon qilingani va mazkur tadbirlar aynan shu chora-tadbirlar doirasida amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Mutaxassislar tomonidan issiqxona sharoitida fitosanitar nazoratni ta’minlash, zararkunanda va kasalliklarning oldini olish, mahsulot xavfsizligini ta’minlash hamda eksport talablariga rioya etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining sayyor laboratoriyasi mutaxassislari tomonidan mahsulotlardan namunalar olinib, joyida laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazildi.
