Nukus tumanida zamonaviy donni qayta ishlash uskunasi ishga tushirildi

Nukus tumani hududidagi Don va sholi ilmiy-tadqiqot birlashmasi tomonidan qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish, ayniqsa urug‘chilik va don mahsulotlari sifatini yaxshilash maqsadida muhim loyiha amalga oshirildi. Xitoy davlatidan 100 ming AQSH dollar mablag‘i evaziga zamonaviy, yuqori samaradorlikka ega asbob-uskuna olib kelindi.

Ushbu uskuna soatiga 5 tonna hajmdagi 20 turdagi don mahsulotlarini qayta ishlash imkoniyatiga ega. U orqali donni chang va aralashmalardan tozalash, navlarga ajratish, maxsus dorilar bilan ishlov berish va tayyor mahsulotni qadoqlash ishlari avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi. Bu esa vaqtni tejash, mehnat unumdorligini oshirish va mahsulot sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Yangi texnologiyalarning joriy etilishi qishloq xo‘jaligi sohasida zamonaviy yondashuvlarni kuchaytirishga zamin yaratadi. Ayniqsa, Nukus tumanida yetishtirilayotgan don va sholi mahsulotlarining eksportbopligi oshishi, ularning bozorbop tarzda qadoqlanishi muhim ahamiyatga ega.Shu bilan birga, urug‘lik donlarni sifatli saralash va dorilash orqali kelgusi mavsumda hosildorlikni yanada oshirish imkoniyati tug‘iladi.

Bu asbob-uskuna qishloq xo‘jaligi tarmog‘i uchun juda zarur bo‘lib, u fermer va dehqon xo‘jaliklariga katta yordam beradi. Zamonaviy texnologiyalardan foydalanish orqali mahsulot yetishtirish jarayonida sifat ko‘rsatkichlari yaxshilanadi va hududa iqtisodiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shiladi