Taxiatosh tumanida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida muhim seminar bo‘lib o‘tmoqda

Ayni paytda Taxiatosh tumani hokimligi majlislar zalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligi vaziri Kamiljan Aytbayev rahbarligida muhim amaliy seminar bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur seminar joriy yilning bahorgi agrotexnik tadbirlarini sifatli tashkil etish, xususan, g‘alla maydonlarini mineral o‘g‘itlar va biostimulyatorlar bilan oziqlantirish, “Shinjon” texnologiyasi asosida chigit ekiladigan maydonlarga zarur bo‘lgan plyonka va shlanglar bilan ta’minlash, shuningdek, kartoshka ekinlari uchun urug‘lik mahsulotlarni yetkazib berish masalalariga bag‘ishlangan.

Seminarda Taxiatosh tumani hokimi Islam Sidikov, hokim o‘rinbosarlari, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda klaster tashkilotlari vakillari ishtirok etmoqda.

Tadbir davomida soha mutasaddilari tomonidan yetkazib berish tizimini takomillashtirish, agrotexnik jarayonlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish, shuningdek, hosildorlikni oshirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab berilmoqda.

Seminarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari olib bormoqda hamda ishtirokchilarga dolzarb yo‘nalishlar yuzasidan zarur tavsiyalar va topshiriqlar berilmoqda.

Mazkur seminar hududda qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.