Qo‘ng‘irot tumanida aholi tomorqalari uchun kartoshka urug‘ligi yetkazib berish ishlari izchil davom etmoqda

Qo‘ng‘irot tumanida aholini sifatli va uzluksiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli qishloq xo‘jaligi ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2026-yil hosili uchun aholi tomorqalarida 543 gektar, fermer xo‘jaliklarida esa 69 gektar maydonga kartoshka ekish belgilangan. Bugungi kunga qadar aholi tomorqalari uchun “Jalol Sunnatulla” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Arizona” navli 16 tonna kartoshka urug‘ligi yetkazib berilib, ekish ishlari boshlab yuborildi.

Bundan tashqari, 25 tonnadan ortiq kartoshka urug‘ligi tuman fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan olib kelinib, hozirda yerlarni ekishga tayyorlash hamda ekish ishlari davom ettirilmoqda. Ma’lumot o‘rnida, “Nukus Dilisha” MChJ tomonidan 15 tonna, “Jalol Sunnatulla” MChJ tomonidan yana 10 tonna, jami 25 tonna kartoshka urug‘ligi fermer xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari uchun yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Mazkur ishlar hududda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholini arzon va sifatli mahsulotlar bilan uzluksiz ta’minlashga xizmat qiladi.

Tomorqa yerlaridan unumli foydalanish — baraka va daromad manbai ekanini unutmang.