Fermerlar bilan dolzarb masalalar muhokama qilindi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligi vaziri Kamiljan Aytbayev Qorao‘zak tumani A.S. Kamalov ovul fuqarolar yig‘ini hududida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ovul fuqarolar yig‘ini binosida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda g‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, paxta zararkunandalariga qarshi kurashish hamda mineral o‘g‘itlarni belgilangan muddatlarda qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Vazir fermerlarga mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berib, dala ishlari samaradorligini oshirish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida fermerlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, taklif va murojaatlarini bayon etdilar. Muloqot ochiq va samimiy ruhda o‘tib, ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.