O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi bilan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi. Ishchi safar davomida vazirga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farxod Ermanov hamda Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Kamiljan Aytbaev hamrohlik qildi.
Tashrif davomida hududlarda amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlar, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, eksport salohiyatini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda hosildorlikni ko‘paytirishga qaratilgan loyihalar o‘rganildi.
Dastlab Kegeyli tumanida faoliyat yuritayotgan “ADM Agro” MChJ tomonidan amalga oshirilayotgan yirik agroloyiha bilan tanishildi. Hozirda korxona tomonidan 63 gektar maydonda intensiv olxo‘ri bog‘i barpo etilgan bo‘lib, loyiha doirasida mahsulot yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksportga yo‘naltirishni qamrab oluvchi zamonaviy agroklaster tizimi shakllantirilmoqda. Kelgusida bog‘ maydonlarini 300 gektargacha kengaytirish rejalashtirilgan. Loyiha yetishtirilgan hosilni chuqur qayta ishlash, qadoqlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash hamda hudud eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Kegeyli tumanidagi “Kegeyli baraka” naslli parranda xususiy korxonasi faoliyati ham o‘rganildi. Qiymati 120 milliard so‘mlik loyiha doirasida inkubatsiyadan boshlab tayyor parranda go‘shti va tuxum mahsulotlari ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar yagona tizim asosida tashkil etilgan. Bugungi kunda korxonada 180 ming bosh parranda parvarishlanmoqda, kuniga 85 ming dona tuxum ishlab chiqarilmoqda. Zamonaviy inkubatoriya, jo‘jalarni saralash tizimi, sanitariya va bioxavfsizlik talablarining to‘liq ta’minlangani korxonaning yuqori samaradorlik bilan faoliyat yuritishiga xizmat qilmoqda.
Paxtachilik yo‘nalishida ham zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Kegeyli tumanida “Ten Ping Nukus” qo‘shma korxonasi bilan hamkorlikda 40 gektar maydonda xorijiy paxta navlari “Shinjon” texnologiyasi asosida yetishtirilmoqda. Chigitlar qo‘shqator usulda ekilib, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan. Amudaryo tumanidagi tajriba maydonlarida esa ko‘k, yashil va oq rangli plyonkalar ostiga paxta ekilib, agrotexnologiyalarning samaradorligi sinovdan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, paxta qator oralariga zira ekilishi orqali qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish bo‘yicha ilg‘or tajribalar amalga oshirilmoqda. Kuzatuvlar natijalariga ko‘ra, rangli plyonkalar ostida ekilgan paxta va zira ekinlarining rivojlanishi boshqa maydonlarga nisbatan tezroq kechmoqda.
Tashrif davomida ayrim fermer xo‘jaliklaridagi paxta maydonlari ham o‘rganildi. Jumladan, Kegeyli tumanidagi “Ernepes Bektursun” fermer xo‘jaligi hamda Taxiatosh tumanidagi “Charos, Lola” fermer xo‘jaligi dalalarida agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda ayrim kamchiliklar mavjudligi qayd etildi. Vazir tomonidan g‘o‘zani oziqlantirish, sug‘orish, begona o‘tlarni o‘z vaqtida bartaraf etish va ilmiy asoslangan agrotexnologiyalarni qat’iy joriy etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
G‘allachilik yo‘nalishida ham ijobiy natijalar kuzatilmoqda. Taxiatosh tumanidagi “Alisher” fermer xo‘jaligida yarovizatsiya qilingan “Qoraqalpoq-100” navli g‘alla yuqori hosildorlik salohiyatini namoyon etmoqda. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, mazkur maydonda gektaridan 90 sentnerdan ortiq hosil olish kutilmoqda. Amudaryo tumanida esa jami 4 ming 800 gektar maydonga ekilgan g‘alla ekinlarida ilmiy yondashuv va zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash natijasida gektaridan 90–100 sentnergacha hosil olish rejalashtirilgan.
Ayni kunlarda Amudaryo tumani, Beruniy tumani, Ellikqal’a tumani hamda To‘rtko‘l tumanida g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi boshlangan. Hosilni qisqa muddatlarda va nobudgarchiliksiz yig‘ib olish maqsadida kombaynlar hamda boshqa qishloq xo‘jaligi texnikalari to‘liq safarbar etilgan. Vazir o‘rim-yig‘im jarayonlari bilan tanishib, hosilni talafotlarsiz yig‘ib olish, texnikalardan samarali foydalanish va mavsumiy ishlarni uyushqoqlik bilan tashkil etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berdi.
Ellikqal’a tumanidagi “Shuxrat Yusupov” fermer xo‘jaligida ham g‘alla maydonlarining holati ko‘zdan kechirildi. Hududda o‘rim-yig‘im ishlari qizg‘in davom etayotgan bo‘lib, hosilni qisqa muddatlarda yig‘ib olish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilgan. To‘rtko‘l tumanida esa paxtachilik bo‘yicha yangi tajribalar amalga oshirilmoqda. Xususan, sho‘r yuvish ishlari olib borilmagan maydonlarda “Biovak” preparatini qo‘llash orqali uning samaradorligi ilmiy asosda o‘rganilmoqda. Vazir ushbu tajribaning natijalarini nazorat maydonlari bilan taqqoslash va ilmiy tahlil qilish zarurligini ta’kidladi.
Beruniy tumanida g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari bilan bir qatorda paxta maydonlarida agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilayotgani ham ko‘zdan kechirildi. Qator oralari ishlovi, oziqlantirish, sug‘orish va begona o‘tlarga qarshi kurash ishlari belgilangan muddatlarda olib borilayotgani qayd etildi.

Tashrif yakunida vazir ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish, qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan zamonaviy agroloyihalar, innovatsion texnologiyalar, ilmiy yondashuv va fermerlarning fidokorona mehnati qishloq xo‘jaligida yuqori hosildorlikka erishish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va hududning eksport salohiyatini yanada oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Qoraqalpog‘iston agrar sohada innovatsion rivojlanish va samaradorlikning yorqin namunalaridan biriga aylanib bormoqda.
