OAV vakillari uchun bog‘dorchilik xo‘jaliklari faoliyati bo‘yicha media-tur tashkil etildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Matbuot xizmati hamda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan Kegeyli va Qorao‘zak tumanlarida faoliyat yuritayotgan bog‘dorchilik xo‘jaliklari hamda intensiv bog‘lar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun media-tur tashkil etildi.
Media-turning dastlabki manzili Kegeyli tumanida joylashgan Akademik M. Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti bo‘ldi. Tadbir davomida OAV vakillari ilmiy-tajriba stansiyasi faoliyati, bog‘dorchilik sohasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar hamda amaliy tajribalar bilan yaqindan tanishdilar.
Ma’lum qilinishicha, stansiya hududida 7 gektar maydonda bog‘ tashkil etilgan bo‘lib, unda olma va shaftoli yetishtirilmoqda. Hozirgi kunda 12 turdagi xorijiy olma navlari hamda 4 xil duragay nav tajriba tariqasida ekilib, ularning hudud iqlimiga moslashuvi va hosildorligi sinovdan o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, bog‘dorchilikni rivojlantirish va sifatli ko‘chatlar bilan ta’minlash maqsadida ilmiy-tajriba stansiyasida 60 ming dona meva ko‘chatlari tayyorlanayotgani ta’kidlandi.
Media-turning navbatdagi manzili Qorao‘zak tumanida faoliyat yuritayotgan Aytboy yeri MCHJ bo‘ldi. Korxonaning 7 gektar yer maydoniga 2023-yilda “Santa Mariya” navli nok ko‘chatlari ekilgan. Hozirgi kunda bog‘da agrotexnik tadbirlar belgilangan tartibda olib borilmoqda.
Korxona rahbariyati tomonidan kelgusida yetishtiriladigan nok hosilini tashqi bozorlarga eksport qilish, shu orqali eksport hajmini oshirish va bog‘dorchilik mahsulotlarining raqobatbardoshligini yuksaltirish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
Mazkur media-tur bog‘dorchilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, ilmiy yondashuvlar va eksport salohiyatiga ega loyihalarni keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
