Beruniy tumanida yashovchi bog‘bon tomorqasida 10 turdan ortiq mevalar yetishtirib, kuniga 3 mln so‘m daromad ko‘rmoqda.

Beruniy tumani Shabboz ovul fuqarolar yig’ini hududida yashovchi Moʻmin Hasanov ayni vaqtda 70 yoshda. Uyida boʻsh oʻtirmaslik uchun 28 sotix yer maydonida 10 turdan ortiq mevalarni yetishtiradi. Bogʻida 5 xil shaftoli yetishtiradigan qahramonimiz bir kunda 300-400 kg shaftoli mevasini qoʻshni viloyatlarga sotishni yo’lga qo’ygan. Ahamiyatlisi, xaridorlar mevalarni bogʻbonning uyidan oʻzlari kelib olib ketishadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “Tomorqa yer egalari va dehqon xo’jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qo’llab-quvvatlashning qo’shimcha chora-tadbirlari to’g’risida” gi farmoni asosida hududda tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu borada hudud aholisi ham bogʻdorchilikda faol va tashabbuskor. Natijada, bogʻbonlar bir tup niholda 4-5 xil meva turlarini yetishtirilmoqda. Tajribali bogʻbonning aytishiga qaraganda bu meva nihollari yozning jazirama kunlarida suvsizlikka chidamli boʻlar ekan. Xulosa qilib aytganda, aholining bu kabi tashabbuslari natijasida nafaqat oilalar daromad koʻrmoqda, balki ichki bozorlar tabiiy va sifatli, arzon mahsulotlar bilan ham ta’minlanmoqda.