O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-57-sonli qarori ijrosini ta’minlash doirasida «Beruniy Agro Star» MCHJ tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorva ozuqasi yetishtirishni rivojlantirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Chimboy tumanida elektron auksion orqali ajratilgan yer maydonlarida ozuqa ekinlari yetishtirish yo‘lga qo‘yilib, sug‘orish infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlari davom etmoqda. Ayni paytda Avstriyaning «BAUER» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy pivot sug‘orish tizimlarini o‘rnatish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Ushbu texnologiyalarni joriy etish natijasida suv sarfini 40 foizgacha, yoqilg‘i sarfini 30 foizgacha qisqartirish, qo‘l mehnatini 90 foizgacha kamaytirish va ekinlar hosildorligini 20 foizga oshirish imkoniyati yaratiladi. Ushbu loyihalar hududda chorvachilik uchun sifatli ozuqa bazasini mustahkamlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga xizmat qilmoqda.