Avval xabar berganimizdek, deputatlar Qoraqalpog‘istonda Prezidentimiz qarorlarining ijrosini o‘rganishni davom ettirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2025 yil 16 iyunda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qonunosti hujjatlarining ijro etilishi holati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida hududda nazorat-tahlil tartibida o‘rganishlar olib bormoqda.


Deputatlar Z.Zohidov va R.Siddiqov o‘z ishlarini davom ettirib, bugun, 8 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida bo‘lib, Prezidentimizning chorvachilikni rivojlantirish va suv resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan qarorlari ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirdilar.
Kun tartibiga muvofiq, deputatlar dastlab Qo‘ng‘irot tumani hokimligi binosida soha vakillari bilan uchrashdilar. Uchrashuvda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng, deputatlar Qo‘ng‘irot tumani markazidan o‘tib turgan «Jingichka» kanalining betonlash ishlari bilan tanishdilar va soha vakillarining takliflarini tingladilar. Kanalning betonlanishi suv resurslaridan samarali foydalanish va suv yo‘qotishlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Keyingi manzil tumandagi Miynetabat ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan «Erbol chorva» fermer xo‘jaligi bo‘ldi. Deputatlar fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishib, muammolarini o‘rgandilar. Ma’lumotlarga ko‘ra, fermer xo‘jaligining 190 gektar yer maydoni bo‘lib, 280 bosh qoramol mavjud.
Kun yakunida deputatlar va soha vakillari tumandagi Adabiyot mahallasi hududida joylashgan «Portau tartuli» fermer xo‘jaligining tomchilatib sug‘orish texnologiyalari asosida ekilgan g‘o‘za (paxta) dalalari faoliyati bilan tanishdilar va taklif hamda muammolarni tingladilar. Tomchilatib sug‘orish texnologiyasi suvni tejash va hosildorlikni oshirish imkonini beradi.
Ushbu o‘rganishlarning asosiy maqsadi – Prezident qarorlari ijrosini ta’minlash, hududlarda chorvachilikni rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni monitoring qilish hamda mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishdan iborat.



