Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus tumanida urug‘lik g‘alla maydonlarida aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi A.Jumanazarov, Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti rahbari o‘rinbosari Z.Ziyadullayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Xalimbetov, Don va sholi ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi direktor o‘rinbosari E.Sadikov, shuningdek, tuman hokimliklarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda seleksioner olimlar ishtirok etdi.
Seminar davomida respublikada urug‘liklar jamg‘arish bo‘yicha 2025-yil yakunlari hamda kelgusi yil hosili uchun boshoqli don ekinlari urug‘chiligining istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan boshoqli don ekinlarining yangi seleksiya navlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Tadbirda yangi yaratilayotgan va istiqbolli g‘alla navlarini Davlat nav sinash uchastkalariga topshirish va sinovdan o‘tkazish tartibi, dala aprobatsiya ko‘rigi, urug‘lik donni qabul qilish, urug‘liklarni saralash hamda dorilash jarayonlarida nazorat tizimini o‘rnatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi
