⚡️Chimboy tumanida ham fermerlar bilan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining paxta va bug‘doy yetishtiruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan PF-82-sonli Farmoni hamda lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritishni rag‘batlantirish bo‘yicha PF-83-sonli Farmoni mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida Chimboy tumanida uchrashuv tashkil etildi. Mazkur uchrashuvlar kuni kecha Amudaryo, Ellikqala, To‘rtko‘l hamda Beruniy tumanlarida boshlangan bo‘lib, hududlarda izchil davom ettirilmoqda. Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligi vaziri Kamiljon Aytbayev fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan ochiq muloqot olib bordi. Muloqot davomida yangi farmonlar asosida paxta va bug‘doy yetishtiruvchilar uchun yaratilayotgan moliyaviy imkoniyatlar, imtiyozli qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda lalmi va yaylov yerlaridan samarali foydalanishning yangi tartiblari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, fermerlarni qiynayotgan masalalar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida vazir tomonidan fermerlarning murojaatlari va takliflari tinglandi. Ko‘plab murojaatlar joyida ijobiy hal etildi, vaqt talab etiladigan masalalar esa tegishli tartibda nazoratga olindi.