Nukus shahrida chorvachilik va parrandachilik yo‘nalishidagi fermer hamda tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi majlislar zalida chorvachilik va parrandachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan fermer hamda tadbirkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari – Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi direktori Orif Butayev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi A. Jumanazarov rahbarligida tashkil etildi.

Tadbir davomida mamlakatimizda chorvachilik sohasini rivojlantirish, yaylovlardan samarali foydalanish hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashkil etilgan bo‘lib, agentlik oldiga qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

  • Xususan, yangi agentlik tomonidan:
  • qoramollar sonini 16,5 million boshga; qo‘y va echkilar sonini 30 million boshga; parrandalar sonini 141 million boshga yetkazish; go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlash darajasini 50 foizga oshirish; nasldor qoramollar ulushini 90 foizga yetkazish; ozuqabop ekin maydonlarini 1,5 baravarga kengaytirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, oziq-ovqat bazasini mustahkamlash va naslchilik ishlarini yanada yaxshilash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda har bir viloyatdan bittadan tuman chorvachilikka ixtisoslashtirilishi ma’lum qilindi.

Mazkur hududlarda paxta va g‘alla maydonlarining 50 foiz qismida ozuqabop ekinlar ekishga ruxsat berilishi hamda ushbu yo‘nalishdagi loyihalar uchun 10 foizli imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilangan.

Bundan tashqari, endilikda barcha fermer xo‘jaliklariga ijara yer maydonlarining 20 sotix qismida ortiqcha byurokratik to‘siqlarsiz yengil konstruksiyali binolar, ozuqa omborlari hamda silos o‘ralarini qurishga ruxsat berilishi qayd etildi.

Yig‘ilishda yil yakuniga qadar Respublika bo’yicha kamida 10 gektar yer maydoniga ega bo‘lgan 28 ming 746 ta fermer xo‘jaligida jami 2 million bosh qoramol boqishni tashkil etish rejalashtirilayotgani alohida ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida fermer va tadbirkorlarning murojaat hamda takliflari tinglanib, sohada mavjud muammolarni hal etish, chorvachilik faoliyatini yanada rivojlantirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Tadbir yakunida sohani qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish hajmini oshirish va zamonaviy chorvachilik tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan vazifalar yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.