🌱 Zamonaviy texnologiyalar — yuqori hosil va samaradorlik garovi
Amudaryo tumani Choyko‘l ovulidagi “Choyko‘l–Do‘stlik” fermer xo‘jaligi paxta maydonida g‘o‘za parvarishiga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari, mutaxassislar hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdilar.
Seminar davomida zamonaviy DJI Agras T100 dronlari yordamida g‘o‘za barglarini oziqlantirish va agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish jarayonlari amaliy tarzda namoyish etildi. Mutaxassislar tomonidan dronlarning texnik imkoniyatlari, afzalliklari va qishloq xo‘jaligidagi samaradorligi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlanganidek, DJI Agras T100 dronlari bir to‘ldirishda o‘rtacha 6–10 gektar maydonga ishlov berish imkoniyatiga ega. Kunlik ish unumdorligi esa 120–200 gektargacha, qulay sharoitlarda undan ham yuqori natijalarni ko‘rsatishi mumkin.
