Qorao’zak tumanida paxta dalalarida agrotexnik ishlar holati o’rganildi
Qorao’zak tumani Berdaq va Madeniyat ovul fuqarolar yig’ini hududida faoliyat yuritayotgan fermer xo’jaliklarida paxta parvarishi bilan bog’liq agrotexnik ishlarning holati o’rganildi.
Tashrifda Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo’jaligi bo’yicha o’rinbosari, Qishloq xo’jaligi vaziri K.Aytbayev fermer xo’jaliklarida bo’lib, g’o’za maydonlarida olib borilayotgan ishlar bilan bevosita tanishdi.
Tashrif davomida g’o’za ekinlarida kultivatsiya, dorilash va qator oralariga ishlov berishning sifatli hamda belgilangan muddatlarda amalga oshirilishiga alohida e’tibor qaratildi. Vazir tomonidan vegetatsiya davri agrotexnik tadbirlarining me’yoriy talablar asosida olib borilishi, qishloq xo’jaligi texnikalaridan samarali foydalanish yuzasidan tegishli ko’rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, zararkunandalarga qarshi kurash ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, kimyoviy dorilash tadbirlarini o’z vaqtida o’tkazish va ekin maydonlarida muntazam monitoring olib borish bo’yicha amaliy tavsiyalar berildi.
