Takroriy ekinlardan mo‘l hosil olish yo‘lida
Amudaryo tumani g‘allakorlari bu yil ham kontraktatsiya shartnomalarini ortig‘i bilan bajarib, har bir qarich yerdan unumli foydalanish maqsadida g‘alladan bo‘shagan maydonlarga sabzavot, poliz, mosh va chorva ozuqalari kabi takroriy ekinlarni ekdilar.
Xususan, tumanning Do‘rman ovuli hududidagi fermer xo‘jaliklari 229 gektar va Xolimbeg ovulidagi xo‘jaliklar 194 gektar g‘alladan bo‘shagan yerga takroriy ekinlar ekdi. Bu jarayonda fermerlar kengashi mas’ullari dehqonlarga yaqindan ko‘mak berib, daromadni yaxshilash bo‘yicha zarur tavsiyalar bilan ta’minlamoqda. Ushbu usul yerdan yil davomida ikki marta hosil olish, tuproq unumdorligini oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash imkonini beradi. Ayni kunlarda mutaxassislar tomonidan ekinlar holati doimiy nazorat qilinib, zararkunandalarga qarshi o‘z vaqtida kimyoviy va biologik ishlovlar olib borilmoqda.
Dehqonlarimizning bugungi mashaqqatli mehnati, yerga berilayotgan mehr va to‘g‘ri qo‘llanilayotgan agrotexnik tadbirlar kuzga borib yurtimiz bozorlarida to‘kin-sochinlikni ta’minlaydi hamda iqtisodiyotimizning yanada yuksalishiga xizmat qiladi.
