Taxiatosh tumanida g‘o‘za parvarishiga bag‘ishlangan dala seminari o‘tkazildi
Taxiatosh tumanining «Nayman» OFY hududidagi «Nayman Agro Green House» fermer xo‘jaligida g‘o‘za parvarishining bugungi bosqichida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan agrotexnik tadbirlarga bag‘ishlangan dala seminari tashkil etildi.
Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi vaziri Kamiljan Aytbaev, Respublikadan biriktirilgan vakil Abror Raximjonov, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi vakillari, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Dala seminarida g‘o‘zaning vegetatsiya davrida yuqori hosildorlikni ta’minlash uchun muhim bo‘lgan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish masalalari amaliy tarzda ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilarga sug‘orishni to‘g‘ri tashkil etish, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, qator oralariga ishlov berish, suspenziya sepish, defoliatsiya mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi samarali kurashish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, dala chetlaridan samarali foydalanish, qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish va mavjud yer maydonlaridan unumli foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
